TOShKENT, 16 apr – Sputnik. Bugun Toshkentda Axborot texnologiyalarini va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vaziri Azim Axmedxo‘jayev va Rossiya aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Aleksey Volin ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ushbu uchrashuvda Rossiya Prezidentining Jamoat aloqalari va kommunikatsiyalar bo‘yicha hamda VGTRK, «Rossiya Segodnya», «Perviy Kanal» va «Rossiya24» telekanallari vakillari ham ishtirok etishdi.
Uchrashuv davomida media va kommunikatsiyalar sohasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, raqamli televidenie, texnoparklar va raqamli iqtisodni rivojlantirish, Internetni boshqarish va AKT sohasida mutaxassislar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Rossiya delegatsiyasi o‘zbekistonlik hamkorlariga raqamli televideniyega o‘tish jarayonida foydalanilgan platformalar va yechimlarni mobil televidenie tashkil qilish uchun taklif qilishdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda Rossiyaning "Perviy kanal" AJ bilan birgalikda telekanal tashkil qilish masalalarini muhokama qilindi.
Undan tashqari tomonlar rossiyalik rejisserlar ishtirokida o‘zbekistonlik buyuk allomalar, ularning dunyo sivilizatsiyasi rivojlanishiga qo‘shgan hissalari haqida hujjatli filmlar suratga olish borasida hamkorlik qilishga kelishib olishdi.
O‘zbekiston va Rossiya vakillari mutaxassislar malakasini oshirishda o‘zaro hamkorlik qilishga, davlat organlari matbuot xizmatlari uchun doimiy ravishda forumlar, seminarlar o‘tkazishga qaror qilishdi.