TOSHKENT, 12 apr — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Bundan ellik yetti yil muqaddam 1961 yil 12 aprel sanasida sovet kishisi ilk bor fazoga koʻtarilgan. Shu munosabat bilan har yilning 12-apreli xalqaro aviatsiya va kosmonavtika kuni sifatida nishonlanadi. Oʻzbekiston poytaxtida ham bugun ushbu sanaga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbir Chilonzor tumani Yuriy Gagarin haykali joylashgan hududda soat 10da boshlanishi kerak edi. Ammo quyoshli ob-havo tufayli ertalabdan Gagarin haykali atrofi odamlar bilan gavjum edi: mahalliy hokimiyat vakillari, uchuvchilar formasidagi koʻkraklari medallarga burkangan faxriylar, qoʻllarida gul ushlagancha tadbir boshlanishini intiqlik bilan kutib turgan maktab oʻquvchilari, odamlarga va formali kishilarga hayrat toʻla koʻzlari bilan boqayotgan bogʻcha tarbiyalanuvchilari hamda jamoatchilik vakillari yigʻildilar.

Tadbirda Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev soʻzga chiqdi.
"Ellik yetti yil muqaddam insoniyat vakili ilk bor fazoga koʻtarildi. Bu umumbashariyatga tegishli voqelik, koinot bayrami, butun yer sharini birlashtirgan olamshumul voqea boʻlgan edi. Shunday qilib fazo biz uchun orzudan vaqtincha qoʻnim topib turgan bir hududga aylandi", — dedi diplomat va "ilk bor fazoga qadam qoʻygan kishilar insonlar xotirasida abadiy saqlanajak", deya qoʻshimcha qildi.
Rossiya elchisi shuningdek, oʻzbekistonliklarning kosmosni oʻzlashtirish borasida qoʻshgan ulkan hissalarini eʼtirof etib oʻtdi.
"Solijon Sharipov 203 kunni kosmosda oʻtkazgan va ikki marta ochiq fazoga chiqqan. Shuningdek, Vladimir Jonibekov — eng malakali fazogir-uchuvchi, 5 marta kosmik ekipajga rahbarlik qilgan", — dedi u.
Diplomat Oʻzbekistonning kosmosni zabt etishda qoʻshgan hissasi bu bilan chegaralanmasligini taʼkidladi.
"Oʻzbekiston raketalarni uchirishda yaqindan yordam bergan, Oʻzbekiston lunoxodni yaratishda yordam koʻrsatgan, Oʻzbekiston kosmosni zabt etishda yordam bergan boshqa narsalarni yaratishda ham katta yordam bergan", — dedi diplomat.

Tyurdenev oʻtgan yillar davomida kosmos — ajoyib gʻoyadan sekin-asta zabt etilayotgan hududga aylanayotganini taʼkidladi.
"Biz endilikda kosmosdan iqtisod, texnika, ilm-fan sohasida yangiliklar olish uchun foydalanmoqdamiz".
Tyurdenevga koʻra, Oʻzbekiston va Rossiyaning kosmik sohada hamkorlikdagi yoʻnalishlaridan biri — Soʻfa xalqaro radioastrologik laboratoriya tashkil etish hisoblanadi.
"Ishonchim komilki, ushbu loyiha hayotga tatbiq etiladi va insoniyat tomonidan kosmosni zabt etishga muhim hissa qoʻshgan loyiha boʻlib qoladi", dedi Rossiya elchisi.

Tadbirda maktab oʻquvchilari raqs dasturlarini namoyish etdilar hamda kosmosga bagʻishlab yodlagan sheʼrlarini aytib berdilar.

Tadbir soʻngida Yuriy Gagarin haykali poyiga gulchambar qoʻyish marosimi oʻtkazildi.