TOShKENT, 11 apr — Sputnik. Aqto‘be viloyatida halok bo‘lgan 52 nafar o‘zbekistonlik holati bo‘yicha jinoiy ish deyarli o‘z yakuniga yetgan, biroq avtobus egasi qidiruvda. Bu haqda Qozog‘iston Bosh prokuraturasi jamoatchilik manfaatlarini himoya qilish xizmati boshlig‘i Azamat Dusembekov ma’lum qildi. Sputnik Qozog‘iston xabariga asosan.
"Ish deyarli yakunlandi, gumonlanuvchilar va ularning himoyachilari u bilan tanishmoqda. Ular o‘z ayblarini tan olmayaptilar. Biroq transport vositasini eksluatatsiya qilish qoidalarini buzish oqibatida ikki va undan ortiq kishilarni o‘limiga olib kelish holati bo‘yicha ayb qo‘yilmoqda", — dedi Dusembekov.
Egasiga keladigan bo‘lsak, bu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 348 — moddasi bo‘yicha tergov olib borilmoqda. Ya’ni texnik nosoz bo‘lgan avtobusni foydalanishga chiqarib yuborish holati bo‘yicha avtobus egalarini javobgarligini nazarda tutadi.
"Biroq hozir bu modda bo‘yicha jinoiy ish shaxslarsiz qo‘zg‘atilgan. Avtobus egasi Mextiyev qidiruvda. Tergov davomida kimni va qanday javobgarlikka tortish masalasi hal qilinadi. Bu yerda egalar va mulkdorlar nazarda tutilmoqda", — deb ta’kidladi himoya xizmati rahbari.
Tergov departamenti tomonidan Aqto‘be viloyatida 52 kishining halok bo‘lishi holati yuzasidan Qozog‘iston JKning 345-moddasi 4-qismi va 348-moddasi 4-qismi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, 18-yanvar kuni Chimkent-Samara avtotrassasida ichida 57 kishi bo‘lgan avtobus yonib ketgandi. Yong‘in oqibatida 52 nafar kishi halok bo‘lgan, 3 nafar qozog‘istonlik va 2 nafar o‘zbekistonlik fuqaro omon qolgan.