TOShKENT, 6 apr – Sputnik. Buxoroda 2017-yilda ichki turizm bo‘yicha individual tartibdagi ziyoratchilarni hisobga olganda mahalliy sayohatchilar soni qariyb 2 million nafarni tashkil etdi. Bu 2016-yildagiga nisbatan 15 foizga ko‘p. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, 2017-yilda xorijiy turistlarga xizmatlar eksporti qiymati 76,3 million AQSh dollariga yetkazilib, o‘sish sur’ati 110 foizni tashkil etdi.
“Bukhara Eco Tour” turistik kompaniyasi 2018-yilda Turkiyadan uch mingga yaqin sayyohlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlarni tashkillashtirib berishi kutilmoqda.
Buxoroda 660 ta moddiy madaniy meros obyekti ro‘yxatga olingan. Viloyatda 21 ta (shundan 17 tasi Buxoro shahrida) yangi mehmonxona foydalanishga topshirildi, 7 ta yangi zamonaviy turistik klassdagi avtobuslar xarid qilindi.
Buxoro shahrida yangi mehmonxonalar, madaniy-ko‘ngilochar maskanlar va 500 kishiga mo‘ljallangan zamonaviy amfiteatr kabi obyektlarni o‘z ichiga oluvchi “Qadimiy Buxoro” turistik hududini barpo etish uchun 10 gektar yer maydoni ajratilib, xorijiy me’morlar bilan birgalikda loyihalash ishlari olib borilmoqda.