TOShKENT, 4 apr — Sputnik. O‘zbekiston Hindistonga respublika hududida mudofaa ishlab chiqarish majmuasini joylashtirishni taklif qildi. Bu haqda Hindistonning The Economic Times nashri xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, Toshkent taklifi hali muhokama qilinmoqda. Biroq Hindiston mudofaa uskunalarini O‘zbekistonga eksport qilishni rejalashtirmoqda.
Agar Hindiston hukumati O‘zbekistonda mudofaa ishlab chiqarish majmuasini tashkil etishga qaror qilsa, u chet eldagi birinchi mudofaa majmuasiga aylanadi va Dehliga Xitoy fonida Yevroosiyoda strategik o‘rinni egallashga imkon beradi, deya ta’kidlaydi The Economic Times nashri.
Eslatib o‘tamiz, 28-mart kuni Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Hindiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mobasher Javed Akbar bilan uchrashgandi.
Uchrashuvda Mobasher Javed Akbar Hindiston delegatsiyasi nomidan O‘zbekiston hukumatini Afg‘oniston tinchlik jarayoni va mintaqa uchun Toshkent anjumanining muhim yakunlari bilan tabrikladi. Anjumanda BMT xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar hamda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarning yuqori darajali delegatsiyalari yig‘ilganligi qayd etildi.
Hindiston so‘nggi vaqtlarda mudofaa bo‘yicha almashuv, ta’lim va harbiy tibbiyot sohasida Toshkent bilan hamkorlikni kengaytirdi. Har ikki tomon harbiy xodimlarni almashish va o‘qitishga qo‘shimcha turtki berishga harakat qilmoqda.
Bundan avval, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kuz mavsumida Hindistonga tashrif rejalashtirilganligi haqida xabar berilgandi.