TOShKENT, 4 apr – Sputnik. Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Adliya vazirligi Telegram kanalida xabar qilindi.
Xabarda aytilishicha, qaror bilan tasdiqlangan nizomga asosan, o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi arizalar har yili 15-iyundan 15-iyulgacha qabul qilinadi.
Test sinovlari har yili 1-avgustdan 15-avgustga qadar, kuniga ikki smenada o‘tkaziladi. Bunda 1-smena 8:00 da, ikkinchi smena 15:00 da boshlanadi.
Abituriyent test sinovlari o‘tkaziladigan kuni binoga tegishli hududga soat 7:00 (ikkinchi smena soat 13:00) gacha, binoga soat 7:30 (ikkinchi smena soat 13:30) gacha faqat abituriyent ruxsatnomasi va pasporti bilan shaxsni identifikatsiyalash vositalari hamda videofiksatsiya qurilmalari orqali tartibli ravishda kirishi lozim bo‘ladi.
Test sinovlari Toshkent shahridagi "O‘zekspomarkaz" milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilonlarida va uning hududida o‘rnatiladigan qo‘shimcha yig‘ma pavilonlarda, shuningdek, katta sig‘imdagi boshqa binolarda, viloyat markazlarida esa olimpiya zaxiralari kollejlari yoki boshqa tashkilotlarning katta sig‘imdagi binolarida o‘tkaziladi.
Test topshiriqlarini bajarish uchun (javoblar varaqasini to‘ldirish bilan birga) 30 ta test topshirig‘iga 1 soat, 60 ta test topshirig‘iga 2 soat, 90 ta test topshirig‘iga 3 soat vaqt beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, Davlat test markazining markaziy apparati tuzilmasida Test sinovlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bosh boshqarmasi, Test sinovlarining kompyuter tahlili va axborotlashtirish boshqarmasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi bo‘limlari tashkil etilayotganligi xabar qilingandi.