TOShKENT, 4 apr – Sputnik. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Turkiyaning Antaliya shahrida joylashgan mehmonxonalarda ishlash uchun fuqarolar ishga taklif etilishini bildirdi.
Agentlikning ma’lum qilishicha, ishga tanlov asosida qabul qilinadi.
Tanlov 5-6 aprel kunlari soat 9dan 17gacha bo‘lib o‘tishi belgilangan, ish beruvchi tomonidan o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligi bildirilgan.
Xona tozalash xizmatiga 18 yoshdan 45 yoshgacha, ofitsiantlik xizmatiga 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan ayollar taklif etilgan.
Ish o‘rinlari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan Turkiyaning "Visa Work Antalya" kompaniyasi o‘rtasida imzolangan shartnomaga asosan taklif qilinmoqda.
Mazkur ish o‘rinlari to‘g‘risidagi savollar bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va uning hududlardagi filiallariga bevosita murojaat etgan holda yoki Agentlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan batafsil ma’lumot olish mumkinligi aytilgan.