Toshkentda “WorldFood Uzbekistan 2018” xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasi ochiladi

Obuna bo‘lish
WorldFood Uzbekistan 2018 - xalqaro ko‘rgazmasi “O‘zekspomarkaz”da 4-6 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi va unda 26 davlatdan 200 ga yaqin kompaniya ishtirok etishi kutilmoqda.

TOShKENT, 3 apr – Sputnik. “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar majmuida 4-6 aprel kunlari oziq-ovqat sanoati sohasiga ixtisoslashgan “WorldFood Uzbekistan – 2018” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

O‘n sakkizinchi bor tashkil etilayotgan ko‘rgazmada 26 davlatdan 200 ga yaqin kompaniya ishtirok etishi kutilmoqda. Xalqaro tadbirda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, ularni saqlash, qayta ishlash sohasidagi yangi texnologiyalar namoyish etiladi. Shuningdek, ko‘rgazma doirasida mahsulotlarni sifatlash bo‘yicha tanlov ham tashkil qilinadi.

“Bu yil ko‘rgazma ish dasturi juda qiziqarli va keng qamrovli bo‘lishi kutilmoqda. Ko‘rgazma avvalida oziq-ovqat mahsulotlarini sifatlash – “Sifat ustasi” tanlovi o‘tkaziladi. Unda oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari sifati hakamlar hay’ati tomonidan baholanadi va g‘oliblar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlanadi”, – deydi “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Oyimxon Bobojonova. –  

Ushbu ko‘rgazmada bu yil ilk bor Belarus Respublikasi sanoatchilari ham qatnashadi. Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston – Belarus sanoatchilari xalqaro forumi o‘tkazilishi belgilangan. Unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari oziq-ovqat sanoati bo‘yicha o‘zaro tajriba almashadi, savdo aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama etiladi.

Yana bir yangilik – O‘zbekistonda ilk bor “Riteyl markaz” o‘z ishini boshlaydi. Bu markaz oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilari va savdo tarmoqlari o‘rtasida mahsulot yetkazib berish bo‘yicha bevosita muzokaralar maydoni vazifasini o‘taydi.

“WorldFood Uzbekistan – 2018” xalqaro ko‘rgazmasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O‘zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, “O‘zsharobsanoat” AJ, Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etiladi.

Yangiliklar lentasi
0