TOShKENT, 3 apr — Sputnik. O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan obodoshlashtirish ishlari boshlab yuborilgan Manas qishlog‘i 45 kun ichida tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. O‘zbekiston prezidenti matbuot-xizmati qishloqning obodonlashtirish ishlari boshlanmagunga qadar holati va keyingi o‘zgarishlar haqida videorolikni e’lon qildi.
"Yuragimizda, ichimizda armonimiz, dardimiz shuki — odamlar mana shunday sharoitda yashayapti. Hali oldimizda qanday ishlar turganini Manas misolida ko‘rsatmoqchiman. Qiyin, og‘ir, mashaqqatli… Agar biz (sharoiti) og‘ir qishloqdan boshlamasak, odamlar bizga ishonmaydi. Hech qachon ishonmaydi", — degan edi ikki oy oldin O‘zbekiston rahbari.
Mana shundan so‘ng eski binolar va uylar buldozerlar yordamida surildi, buzib tashlandi va o‘rniga ko‘p xonadonli ikki qavatli uylar qad rostlandi.
Manasda zamonaviy bog‘cha, poliklinika, sport maydonchasi barpo etildi va hatto teri va charmni qayta ishlash yo‘lga qo‘yildi.
"Obod qishloq" (dasturini) Manasdan boshlaganim bejiz emas. Nega desangiz, mana shu yerda olijanob xalq yashaydi, juda bir mehnatkash aholi yashaydi", — degan edi o‘z chiqishida prezident.
O‘zbekiston rahbari 30-mart kuni Do‘stlik tumanida joylashgan ushbu Manas qishlog‘ida bo‘ldi.
Mirziyoyev terini qayta ishlash, agrosanoat majmuasi va oziq-ovqat klasteri barpo etish, tuya suti bilan davolaydigan klinika tashkil qilish borasidagi takliflarga alohida e’tibor qaratgan edi.