TOShKENT, 2 apr — Sputnik. Bugun, 2-aprel kuni Toshkentdagi "Mega Planet" va "Vega Centre" savdo markazlarida IIBB YoXB, FVB, "O‘zdavenergonazorat" Toshkent shahar bo‘limi, gaz avariya xizmati hamda Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi xodimlari hamkorligida amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi, deb xabar qildi FVV matbuot xizmati.
Mashg‘ulotlarda markaz xodimlari yong‘in kelib chiqqanda uni bartaraf etish, fuqarolarni evakuatsiya qilish, jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatish mashqlarini bevosita mutaxassislar bilan birgalikda bajarishdi.
"Alohida e’tibor fuqarolar bilan ishlashga qaratildi: yong‘in yuz berganda sarosimaga tushmasdan, bolalar va katta yoshdagilarni binodan tashqariga olib chiqish yo‘llari ko‘rsatib berildi", — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, mashg‘ulot doirasida ushbu binolardagi yong‘inga qarshi xavfsizlik tizimlari, evakuatsiya rejalari, yong‘in o‘chirish vositalari holatining sozligi, zaxira chiqish yo‘llari va ko‘rsatkichlarining mavjudligi tekshiruvdan o‘tkazildi.