TOShKENT, 31 mar — Sputnik. Chet tili yo‘nalishida birinchi marta Xalqaro olimpiadada ishtirok etgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi kursantlari uchinchi o‘rinni egallashdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti jamoasi yakuniy natijalarga ko‘ra Xalqaro olimpiadada uchinchi o‘rinni egalladi.
26-30 mart kunlari Armanistonning Yerevan shahridagi Monte-Melkonyan harbiy kollejida bo‘lib o‘tgan olimpiadada Mudofaa vazirligiga qarashli O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari "Tinchlik yo‘lidagi hamkorlik" dasturi tayyorlash markazi ingliz tili kafedrasi mudiri Ilya Zverev boshchiligidagi Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurti 3-bosqich kursanti Abbos Rahimjonov va 2-bosiq kursantlari Laziz Rahimov, Bekpo‘lat Boqijonovlardan iborat jamoa ishtirok etdi.
Xalqaro olimpiadaning eng yuqori pog‘onasidan Rossiya Harbiy universiteti kursantlari joy olgan bo‘lsa, Armanistonning Vazgen Sarkisan nomidagi Harbiy universitet jamoasi ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston sharafini xalqaro musobaqada munosib himoya qilgan harbiy xizmatchilar 1-aprel kuni I. Karimov nomidagi Xalqaro aeroportida kutib olinadi.
Kursantlar o‘rtasidagi Xalqaro olimpiadaning navbatdagi bahslari (matematika bo‘yicha) 2-6 aprel kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahridagi Radioelektronika va aloqa harbiy-muhandislik institutida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston sharafini Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlari himoya qilishadi.