TOShKENT, 31 mar — Sputnik. Tojikistondagi shahar taksi xizmati avtomobillarida O‘zbekistonning sayyohlik shaharlari reklama qilinmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
"O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida viza rejimining bekor qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qo‘shni davlatlardan ko‘proq sayyohlarni jalb qilish maqsadida turli xil usullardan foydalanmoqda", — deyiladi xabarda.
Bundan maqsad, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, Tojikiston aholisini O‘zbekistonning diqqatga sazovor joylari to‘g‘risida xabardor etishdir.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining Tojikistonga tashrifi yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida vizasiz tartib to‘g‘risidagi bitim imzolandi.