TOShKENT, 30 mar — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n to‘rtinchi yalpi majlisining kun tartibidan to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risida masalalar ham o‘rin olgan edi.
Shu bois ushbu masala yuzasidan ma’ruza qilgan Senatning Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Gavhar Alimova Senat qarorini yanada takomillashtirish, bu borada Respublika komissiyasini tuzishga oid qo‘mita taklifini bildirdi.
Senator o‘z chiqishida Toshkent shahrida yiliga 18-19 ming nikoh qayd etilishi, lekin ularning 20-25 foizi to‘ylardagi ortiqcha dabdabalar oqibatida ajrimlar bilan tugayotgani achinarli hol ekani, bu ushbu tizimda tub islohotlarga ehtiyoj tug‘ilayotganini aytib o‘tdi.
"Oilaviy marosimlar bilan bog‘liq ishlab chiqilgan Senat qarori loyihasini takomillashtirishda tegishli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari faol ishtirok etishi, har bir yurtdoshimizning ushbu masala yuzasidan fikrlarini eshitish zarur", — deb xulosa qilgan Alimova.