TOShKENT, 23 mar — Sputnik. Rossiya va O‘zbekiston axborot-kommunikatsion texnologiyalar sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishchi guruhlarini shakllantiradi. Bu haqda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Azim Ahmadxo‘jayev Rossiya aloqa va ommaviy kommunikatsiyalar vaziri o‘rinbosari Aleksey Volin o‘rtasidagi uchrashuvda kelishib olindi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.
Uchrashuvda shuningdek, Rossiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Turdenev hamda Rossiya prezidenti boshqarmasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Dmitriy Fatixov ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ikki mamlakatning axborot-texnologiyalari sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, tomonlar raqamli iqtisodiyot, AKT mutaxassislarini tayyorlash, texnoparklarni rivojlantirish, jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassislar malakasini oshirish, pochta aloqasini rivojlantirish, raqamli televideniyeni rivojlantirish va boshqa muhim yo‘nalishlarni ko‘rib chiqishdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikka qiziqish bildirishdi.
Avvalroq O‘zbekistonda axborot texnologiyalariga bag‘ishlangan telekanal ochilishi haqida xabar qilingandi.