TOSHKENT, 21 mar — Sputnik. Sputnik xalqaro axborot agentligi va radiosi yaqin xorij davlatlari jurnalistlari uchun SputnikPro taʼlim dasturini yoʻlga qoʻydi.
"Shu kunga qadar sobiq Ittifoq mamlakatlaridagi jurnalistlar bilan faqatgina gʻarblik hamkasblarimiz deb ataladigan – demokratik qadriyatlarni olgʻa surish bilan shugʻullanadi deyiluvchi agentlik va fondlar muloqot qilib kelishgan. Biz hech kimni hech narsaga majburlamaymiz – bu biz uchun anchadan buyon koʻrishmagan doʻstlar bilan diydorlashuvdek: hammaning oʻz hayoti bor, lekin bir davrada oʻtirib bir-biri bilan nimanidir oʻrtoqlashadigan narsalar mavjud", — dedi Sputnik bosh muharriri Margarita Simonyan.
SputnikPro bu Rossiyaning eng yaxshi media menejerlari va OAVda ulkan tajribaga ega boʻlgan yetakchi mutaxassislardan turkum prezentatsiyalardir. Dastur jurnalistlarni zamonaviy multimedia axborot agentligi faoliyatining standart va texnologiyalari bilan tanishtiradi. Mahorat darslarining birinchi qismi Minskda boʻlib oʻtdi. Ikkinchisi Tbilisida boʻlib oʻtadi, soʻngra SputnikPro Yerevanga yoʻl oladi.
Rossiya OAV sobiq sovet mintaqasida bunday dasturni ilk bor amalga oshirmoqda, holbuki gʻarbliklar bunday tadbirlarni anchadan buyon oʻtkazib keladi. Sputnik va "Rossiya Segodnya" xalqaro axborot agentligi rus tilida ishlovchi jurnalistlar uchun qiziq boʻlgan tajribalari bilan oʻrtoqlashadi. Raqobatchi nashrlar xodimlari oʻzlari uchun foydali bilimga ega boʻlishlari mumkin, bu esa Sputnik uchun ham muhim hisoblanadi — raqobat agentlikni yanada faolroq harakatlanishga undaydi.
SputnikPro dasturida "Rossiya segodnya" XAA bosh muharriri oʻrinbosari, MDU jurnalistika fakulteti yangi media kafedrasining katta oʻqituvchisi Natalya Loseva, "Rossiya segodnya" XAA davlat xalqaro internet-loyihalar direktsiyasi direktori oʻrinbosari Irina Kedrovskaya, "Rossiya segodnya" XAA oʻquv dasturlari rahbari Oleg Щedrov, operativ illyustratsiyalash boʻlimi boshligʻi, "Rossiya segodnya" XAA onlayn-nashrlari fotoxizmati rahbari oʻrinbosari Svetlana Sviyazova, "Rossiya segodnya" XAA xalqaro multimedia matbuot markazi rahbari Olga Koleva va "Rossiya segodnya" XAA maslahatchisi Svetlana Babayevalar spiker sifatida ishtirok etishadi.
Sputnik xalqaro axborot agentligi jahondagi yirik OAVdan biridir: agentlik 32 tilda faoliyat yuritadi, tahririyat va matbuot markazlari butun dunyo boʻylab Tokiodan Montevideogacha kunu tun davomida yangiliklar berib boradi.
Uch yillik faoliyati davomida Sputnik saytlari axborot yetkazishning yangi va texnologik shakllari tufayli sobiq sovet mamlakatlaridagi mahalliy OAV orasida yetakchi oʻrinlarni egalladi. Yaqin xorij mamlakatlaridagi har bir Sputnik portali milliy va rus tilida faoliyat koʻrsatadi, ularda oʻquvchi uchun turli multimediaviy mahsulotlar: infografika, video, fotoreportajlar, onlayn-efirlar, internet-ovoz berish, podkastlar taqdim etiladi. Sputnik tezkor yangiliklar bilan birgalikda shuningdek tahliliy maqolalar va eksklyuziv intervyular ham chop etadi. Sputnik radiosi internet va FM/AM toʻlqinlarida 18 tilda eshittirish olib boradi.