TOShKENT, 21 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat xalqini Navro‘z bayrami bilan muborakbod etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
"Bugun ko‘pmillatli xalqimiz dala va qirlarda, maydon va xiyobonlarda, tabiat bag‘rida sayil-tomoshalar o‘tkazib, Navro‘z ayyomini kutib olmoqda. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha – barcha yurtdoshlarimiz katta shodu xurramlik bilan bir-birini qutlab, shu yorug‘ kunlarga yetkazgani uchun shukronalar aytmoqda. El-yurtimizning tabarruk zaminimizga, ona diyorimizga mehri, o‘zaro ahillik, mehr-oqibat fazilatlari yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Shu dilbar faslda tabiatdagi o‘zgarishlarga uyg‘un bo‘lib, jamiyatimiz, hayotimiz ham o‘zgarib, yangilanib bormoqda", — dedi prezident o‘z tabrigida.
Davlat rahbari Navro‘z falsafasi, Navro‘z qadriyatlari – odamlarning dardu tashvishi bilan yashash, keksalarga hurmat, muhtoj insonlarga e’tibor va yordam ko‘rsatish, adolat va xalqparvarlik faoliyat mezoniga aylanayotganligini ta’kidladi.
"Biz eng avvalo onalarimiz, ayollarimiz va farzandlarimiz, butun xalqimizni rozi qilishni o‘z oldimizga ezgu vazifa qilib qo‘yganmiz. Va bu oliy maqsadga albatta erishamiz. Shunda hayotimiz yanada obod va farovon, buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, har kunimiz Navro‘z bo‘ladi", — dedi Mirziyoyev.
Prezident dehqon va fermerlar yangi mehnat mavsumini boshlayotganligini bildirdi hamda ularni tabriklab, ishlariga rivoj tiladi.
Eslatib o‘tamiz, bu yil O‘zbekistonda Navro‘z bayrami ilk bor besh kun davomida nishonlanadi.