TOShKENT, 18 mar — Sputnik. Rossiyada prezident saylovida ovoz berish boshlandi.
RIA Novosti axborot agentligi xabariga ko‘ra, eng birinchi bo‘lib saylov uchastkalari Chukotka avtonom okrugi va Kamchatka o‘lkasida ochilgan. Oradan bir soat o‘tib, Saxalin, Kuril orollari va Magadan viloyatida ham ovoz berish jarayoniga start berilgan.
Moskva vaqti bilan 01:00 saylov uchastkalari Primorye, Xabarov o‘lkasi va Yevreylar avtonom okrugida ochilgan.
Amuroldi, Yoqutiston va Baykalortida esa Moskva vaqti bilan 02.00da ovoz berish jarayoni boshlangan.
Saylov uchastkalari soni jami 97 mingtani tashkil etadi, ulardan 400dan ortig‘i xorijda joylashgan.
2018 yilgi federal saylovlarda ilk bor yangi mexanizm qo‘llanilmoqda — bunda Rossiya fuqarolari o‘zlari bo‘lib turgan hududdan ovoz berish imkoniyatini qo‘lga kiritdilar.
Rossiya Markaziy saylov komissiyasi rahbari Ella Pamfilovaga ko‘ra, o‘zlari bo‘lib turgan hududdan ovoz beradigan rossiyaliklar soni 5,5 million nafarni tashkil qiladi.
Rossiyadagi saylovlar jarayonini 109 mamlakatdan bir yarim ming nafarga yaqin xalqaro kuzatuvchilar kuzatib boradilar.
"Kuzatuvchilarning eng ko‘pi Germaniya, AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniyadan keladi. Birgina YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari burosi va YeXHT Parlament assambleyasidan kuzatuvchilar soni 500ga yaqinni tashkil etgan. Bu tashkilotlar 33 regionni tanlab olishgan va ularda kuzatuvni amalga oshiradilar", — deb ma’lum qilgan Pamfilova RIA Novostiga.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya prezidentligi lavozimiga sakkiz nomzod da’vogarlik qilmoqda.