TOShKENT, 17 mar — Sputnik. Moskva britaniyalik 23 diplomatni persona non grata deb e’lon qildi. Ular bir hafta ichida Rossiyani tark etishlari shart. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
"17 mart shanba kuni Rossiya TIVga Britaniyaning Moskvadagi elchisi Lori Bristou chaqirtirildi va unga Britaniya tomonining ig‘vogarona harakatlari hamda Skripalning zaharlanishida asossiz ayblovlariga javob choralari ko‘rilishi haqidagi nota topshirildi", — deyiladi Rossiya TIV matbuot xizmati xabarida.
Bundan tashqari, Rossiya Sankt-Peterburgda Britaniya bosh konsulxonasi ochilishi haqidagi roziligini qaytarib oladi. Shuningdek, maqomi tartibga solinmaganligi bois Britaniya kengashining faoliyati ham to‘xtatiladi.
Vazirlik agarda Britaniya tomoni Rossiyaga nisbatan nodo‘stona tarzdagi harakatlarini davom ettiradigan bo‘lsa, Rossiya tomoni yana boshqa javob choralari qo‘llashi mumkinligini bildirdi.
Avvalroq Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey Solsberida razvedka boshqarmasining sobiq polkovnigi Sergey Skripal va uning qizi zaharlangani sababli mamlakatdan Rossiyaning 23 nafar diplomati chiqarib yuborilishini e’lon qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Solsberidagi voqeaga "katta ehtimol bilan" Rossiya aloqador.
Rossiyaning Londondagi elchisi Aleksandr Yakovenko mazkur vaziyatni izohlar ekan, rossiyalik diplomatlar Buyuk Britaniyani 20-mart kuni tark etishlarini bildirdi.