TOShKENT, 17 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Komil Allamjonov Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Samarqandda yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgan 23 yoshli o‘qituvchi ayolning o‘limi sabablari o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
"Matbuot kotibiga savol: hokimlar prezident kelishidan sal oldin asosan o‘qituvchilarni katta va kichik yo‘l yoqalariga chiqarib, tozalash ishlariga "majburlaydilar". Shu to‘g‘rimi? Yoki bu kichkina masala hisoblanadimi? Bir necha kun oldin Samarqand katta ko‘chasini tozalayotgan vaqtda 23 yoshli o‘qituvchi mashina urib ketishi natijasida vafot etgan. Umuman, shu kabi "hokimlarga xos" an’ana qachon tugatiladi?" — deya savol bergan foydalanuvchilardan biri.
Prezident matbuot kotibi fojiaga olib kelgan sabablar o‘rganilayotganini ma’lum qilgan hamda marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildirgan.
"Bo‘lib o‘tgan hodisa albatta juda achinarli. Fojiaga olib kelgan sabablar hozirda o‘rganilmoqda. Natijasiga ko‘ra tegishli choralar belgilanadi. O‘z nomimdan marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etaman", — deyiladi Komil Allamjonovning javobida.
Mahalliy OAVning xabar berishicha, 2018-yil 14-mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida magistral yo‘lni tozalash ishlariga jalb etilgan tumandagi 42-o‘rta maktab o‘qituvchisi, 23 yoshli Diana Inikova yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgan.