TOShKENT, 14 mar — Sputnik. O‘zbekistonda mehnat migrantlarini xalqaro avtobusda tashishni tashkil etish bo‘yicha maxsus kompaniya tuzildi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.
Kompaniyaning ta’sischilari avtomobil transporti agentligi (51%) va Milliy bank (49%) bo‘lishdi.
"Yangi kompaniya uchun xalqaro yo‘lovchilar tashish bo‘yicha barcha talablarga javob beradigan avtobuslar xarid qilinadi. Hozirgi vaqtda Xitoy, Janubiy Koreya va Germaniya kompaniyalar bilan muzokaralar olib bormoqdamiz. Birinchi navbatda 100 avtobus xarid qilish rejalashtirilgan. Keyinchalik talabdan kelib chiqqan holda avtobus parki ko‘paytiriladi", — deb ta’kidladi agentlik boshlig‘i o‘rinbosari Shoolim Shavaxabov.
Texnik uskunalar parkini yanada kengaytirish maqsadida moliyalashtirish davlat kafolati ostida xorijiy banklarning kreditlari hisobidan amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, kompaniya Milliy bankdan 20 million dollarlik imtiyozli kredit oladi.
Hozirgi vaqtda avtobuslarda videokuzatuv tizimini ta’minlash masalalari hal qilinmoqda. Shuningdek, avtobuslar avtovokzallarda sinchkovlik bilan texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Bundan avval prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yish zarurligi haqida gapirib o‘tgandi. Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya va Qozog‘istonga mehnat qilish maqsadida yo‘lga chiqayotgan fuqarolar yo‘l kira arzonligi uchun avtobusda borishni ma’qul ko‘rishadi.
Ular tekshiruvdan o‘tmagan eski texnikadan foydalanuvchi xususiy va noqonuniy tashuvchilarga murojaat qilishlari oqibatida turli noxush hodisalar yuz bermoqda. Yaqinda Oqto‘ba viloyatida Rossiyaga ketayotgan avtobus yonib ketishi oqibatida uning ichida bo‘lgan 52 o‘zbekistonlik fuqaro halok bo‘lgandi.
Yaqin oylar ichida Toshkent — Nijniy Novgorod yo‘nalishi bo‘yicha birinchi xalqaro avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yiladi. Birinchi bosqichda ushbu yo‘nalish bo‘yicha avtobuslar harakatini Rossiya tomoni ta’minlaydi. Hozirda O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi Rossiyaning barcha manfaatdor tashuvchi va mutasaddi organlari bilan muzokaralar olib bormoqda.