TOShKENT, 10 mar — Sputnik. O‘zbekistonning Niderlandiyadagi elchixonasi vakillari Gollandiyaning qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan "Kubo" va "FoodVentures" kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashdilar. Bu haqda "Jahon" AA xabar berdi.
Uchrashuvdan maqsad o‘zaro aloqalarni o‘rnatish hamda hamkorlikning yo‘nalishlarini belgilab olish bilan izohlanadi.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar chog‘ida o‘zaro hamkorlik istiqbollari, xususan, pomidor va gul o‘stiriladigan issiqxonalar qurilishi bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi. Bundan tashqari, joriy yil 14 — 16-mart kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan AgroWorld Uzbekistan 2018 xalqaro ko‘rgazmasida Gollandiya kompaniyalarining ishtiroki masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi.
Suhbatdoshlar O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi jabhasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni olqishlashdi. Ular O‘zbekistonda sheriklikni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligini ham qayd etdilar.
"FoodVentures" va "Kubo" kompaniyalarining vakillari bank-moliya qo‘llab-quvvatlashi ko‘rinishidagi imtiyoz va ko‘mak mavjud bo‘lsa tegishli tarmoqlarga sarmoya yotqizishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar. Aniq-ravshan loyihalar orasida O‘zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalardan birida qo‘shma issiqxona tizimi ishlab chiqarishi bor.
"Jahon" axborot agentligi muxbiri bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida "Kubo"ning savdo bo‘yicha menejeri Denni Svan Leijde o‘z kompaniyasi yuqori sifatli issiqxona tizimlari ishlab chiqaruvchi, ularni yetkazib va o‘rnatib beruvchi dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri sifatida nom qozonganini qayd etdi.