TOShKENT, 6 mar — Sputnik. Bir nechsa oy oldin O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z sohasida yetuk muvaffaqiyatlarga erishgan o‘zbekistonlik mutaxassislar tajribasidan O‘zbekistonni rivojlantirishda samarali foydalanish kerakligini ta’kidlagan edi.
Prezidentning ushbu tashabbusi asosida Buyuk kelajak ekspertlar kengashi loyihasi tashkil qilindi. Ayni damda ushbu ekspertlar kengashining dastlabki 28 a’zolarining ismi shariflari ma’lum bo‘ldi.
Kengash tarkibiga "ROSNANO" kelajak loyihalari bloki rahbari Alisher Kalanov, Rossiyaning Birinchi kanali boshlovchisi Dilbar Fayziyeva, "NOVATEK" kompaniyasi biznesni rivojlantirish bo‘limi rahbari Nuri To‘rayev, "Bank Vostochniy"rahbarlaridan biri Sherzod Yusupov, Rossiya Davlat Dumasi Ekspertlar qo‘mitasi a’zosi Baxrom Ismoilov va boshqalar kirgan.
Buyuk Kelajak ekspertlar kengashining dastlabki forumi ushbu yilning birinchi yarmida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Unda respublikaning uzoq muddatli rivojlanish modeli va uni ishlab chiqishga bo‘lgan texnik topshiriqlar majmuasi muhokama qilinadi.
Rivojlanish modeli yetakchi xorijiy tajriba hamda O‘zbekiston bozorlarining obyektiv tahlili asosida, asosiysi o‘zbekistonlik yetak chi mutaxassislarning shaxsiy tajribasi asosida ishlab chiqiladi.
Dastlabki ishchi hujjat yil o‘rtasigacha tayyor bo‘lishi kerak, 2018-yil oxiriga qadar esa — u Shavkat Mirziyoyevga taqdim etiladi.