TOShKENT, 6 mar — Sputnik. 2018-yil 1-maygacha vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolar ko‘p boradigan Rossiya va Qozog‘iston hududlari va shaharlariga yangi temir yo‘l yo‘nalishlari joriy etiladi. Bu O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzolagan qarorda ko‘zda tutilgan.
"O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga transportda chiqish vaqtida xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaror vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish joyiga yetib borishda xavfsizlikni ta’minlash uchun qulay sharoitlar yaratish va yo‘l-transport xalokatlarining oldini olishga qaratilgan.
Hujjatga muvofiq, tegishli muassasa va kompaniyalarga 2018-yil 1-maygacha vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolar ko‘p boradigan Rossiya va Qozog‘iston hududlari va shaharlariga yangi temir yo‘l yo‘nalishlari joriy etish, 2018-yil 1-iyungacha fuqarolar tomonidan talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda yangi yo‘lovchi poyezdlarni qo‘yish hamda plaskart va umumiy vagonlar sonini ko‘paytirish vazifasi topshirildi.
Qarorda 2018-yil 1-iyulgacha vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqayotgan fuqarolarni tashish uchun zarur bo‘lganda xorijiy temir yo‘l kompaniyalarning respublika hududiga kirishini, O‘zbekiston hududiy temir yo‘l bog‘lanmalaridan Rossiya va Qozog‘istondagi stansiyalargacha yo‘lovchi tashishini nazarda tutgan holda ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 2018-yil 1-maygacha Vazirlar Mahkamasiga "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK huzurida fuqarolarni pasaytirilgan tariflarda tashuvchi, kambudjetli aviakompaniya (loukoster) tashkil etish to‘g‘risida takliflar kiritiladi.