TOShKENT, 5 mar – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti 5366-sonli farmoniga binoan respublika hududi orqali yuklar tranziti tartibi soddalashtirildi, deb xabar qilmoqda Tashqi savdo vazirligi.
Yangi farmonga ko‘ra, 2018-yilning 1-martidan boshlab aksiz solig‘iga tortiladigan yuklarni avtomobil yoki temiryo‘l transporti orqali respublika hududidan olib o‘tganda Vazirlar Mahkamasining ruxsatnomasi talab qilinmaydi.
Undan tashqari,, O‘zbekiston hududi orqali spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarini tranzit qilish uchun mamlakat bojxona organlarining depozit hisob varag‘iga tegishli to‘lovlarni amalga oshirib, mahsulot O‘zbekiston hududidan chiqib ketgach, pulni qaytarish tartibi ham bekor qilindi.
O‘zbekiston Tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayevning aytishiga qaraganda, ushbu o‘zgarishlar O‘zbekiston hududi orqali yuklar tranzitini amalga oshirishni soddalashtirib, transport qatnovi hajmini yanada ko‘paytirishga xizmat qiladi.