TOShKENT, 2-mart – Sputnik. Shu yil 1-martdan boshlab "O‘zbekiston havo yo‘llari"ning 5 soatdan ortiq davom etadigan parvozlarida biznes-klass yo‘lovchilari uchun yangi dizayndagi va tarkibdagi yo‘l to‘plamlari taklif etiladi.
Parvoz paytida zarur bo‘ladigan servis ashyolaridan tashqari unga kosmetik vositalar – Fransiyaning parfumeriya mahsulotlari ishlab chiqaradigan taniqli kompaniyasining qo‘l uchun namlantiruvchi kremi, lab uchun balzam ham kiritilgan. Bu haqda "O‘zbekiston havo yo‘llari" MAK matbuot xizmati xabar bermoqda.
"MAKning o‘rta masofadagi qatnovlarining biznes klass yo‘lovchilari uchun ham yo‘l to‘plamlari yangilandi va to‘ldirildi. Yo‘l qalin jo‘n ro‘mollari va yostiqlarning dizayni va sifati ham o‘zgardi. MDH mamlakatlariga Boeing 767 va Boeing 787Dreamliner havo kemalarida bajariladigan qatnovlarda parvoz qulay o‘tishiga imkon beradigan ergonomik yostiqlar taklif etiladi", deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, yo‘lovchilarning istaklarini hisobga olgan holda MAK xalqaro qatnovlarida sahn ovqatlari turlari yangilandi. Biznes-klass yo‘lovchilari menyusiga yangi turdagi yaxna ovqatlar, desertlar va issiq ovqatlar kiritildi.
Xabarda qayd etilishicha, aviakompaniya mutaxassislari servisni yanada yaxshilash bo‘yicha ishlarni davom ettiradilar va yo‘lovchilar bu yangiliklarni munosib baholaydilar deb umid qiladilar.
"O‘zbekiston Havo yo‘llari" MAK – bugun O‘zbekistonda yagona aviakompaniya bo‘lib, u respublikadagi barcha havo transporti infraqurilma obyektlari va fuqaro aviatsiyasi samolyotlarni boshqaradi. Bugungi kunda kompaniya parkida 30dan ortiq xorijda ishlab chiqarilgan samolyotlar bor. MDH va xorijiy davlatlarning 40dan ortiq shaharlariga doimiy parvozlar yo‘lga qo‘yilgan.