TOShKENT, 2 mar — Sputnik. "O‘zbekkino" agentligi Hindistonning "3rd Rock multimedia" produserlik kompaniyasi o‘z kliplarini O‘zbekistonda suratga olishi haqida xabar qildi.
Ushbu kompaniya tomonidan suratga olingan videomahsulotlar — You-Tube dagi 30 million kishiga yaqin a’zolari bo‘lgan T-Series kanalida namoyish etiladi. Kompaniyaning marketing bo‘limi rahbari janob Raj Surining ta’kidlashicha, hindistonlik qo‘shiqchilarning kliplarini O‘zbekistonda suratga olish, mamlakat turizmi rivojiga ijobiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.
"O‘zbekistonga keladigan har bitta hind san’atkori bu haqda albatta ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qiladi. Ularni esa millionlab muxlislari kuzatib borishadi", — degan Janob Suri.
Mumbayning "Dimaz Agastyaa Productions Private Limited" kinokompaniyasi esa 1990-yillardan boshlab MDH mamlakatlari bilan sayyyohlik, yuk tashish va filmlar suratga olish sohalarida hamkorlik qilib kelmoqda.
Ushbu kinokompaniya vakillari Hindistonning sobiq Bosh vaziri Lal Bahodur Shastrining hayotiga bag‘ishlangan qisqa metrajli filmning ba’zi lavhalarini O‘zbekistonda suratga olish taklifini bildirishmoqda. Mazkur film Lal Baxodur Shastrining hayoti va faoliyatini o‘rganayotgan yosh jurnalist haqida bo‘lib, unda "Toshkent shartnomasi" va Lal Bahodur Shastrining Toshkent shahridagi vafoti haqida hikoya qilinadi.