O‘tgan yili uch ming nafar ayol elektron sudlov orqali aliment undirdi

CC0 / pixabay / Rabota za kompyuterom
Rabota za kompyuterom - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
2017 yil davomida O‘zbekistondagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlariga E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimi orqali 442435 ta ariza va da’vo arizalar kelib tushgan

TOShKENT, 28 fev – Sputnik. O‘tgan yili E-SUD tizimi yordamida 3 ming nafar ayol voyaga yetmagan bolalar uchun aliment undirish masalasini o‘z foydasiga hal qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda BMT taraqqiyot dasturi saytida ma’lum qilindi.

Bildirilishicha, 2017-yil davomida O‘zbekistondagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlariga E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimi orqali 442435 ta ariza va da’vo arizalar kelib tushgan bo‘lib, bu barcha ko‘rilgan ishlarning 40 foizini tashkil qiladi.

"E-SUD tizimi yordamida O‘zbekistonning eng chekka hududlaridagi 3000 nafar ayol sudlarda voyaga yetmagan bolalar uchun aliment undirish masalasini o‘z foydasiga hal qilishga muvaffaq bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 2017-yilda mazkur toifada fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘rilgan ishlarning 10 foizini tashkil qiladi", — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, elektron sudlov tizimining joriy etilishi natijasida bevosita sud binosiga tashriflar soni o‘rtacha 6-7 tadan 2-3 tagacha qisqardi, bu esa tomonlarga o‘z xarajatlarini 10 foizga kamaytirish imkonini berdi.

E-SUD axborot tizimi 2013-yilda ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining "O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik" qo‘shma loyihasi doirasida joriy etilgan. Bugungi kunga kelib tizim respublikadagi fuqarolik ishlari bo‘yicha barcha 75 ta sudlarda muvaffaqiyatli ishlab kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda elektron hukumatning joriy etilishi va rivojlanishi milliy ustuvorlik kasb etgan, "Elektron hukumat" bo‘yicha 40dan ortiq hukumat qarorlari qabul qilingan, "Elektron hukumat haqida"gi qonun asosida meyoriy-huquqiy asoslar ishlab chiqilgan.

Xalqaro Elektraloqa ittifoqining 2017-yildagi hisobotlariga ko‘ra, O‘zbekiston AKTni rivojlantirish indeksida 15 o‘rin yuqoriga ko‘tarilib, 192 mamlakat orasida 95-o‘rinni egalladi.

Yangiliklar lentasi
0