Andijondagi Qutayba ibn Muslim ziyoratgohida obodonlashtirish ishlari boshlandi

Obuna bo‘lish
Aytishlaricha, Qutayba ibn Muslim mangu qo‘nim topgan ziyoratgohdagi qayrag‘och tanasidan tomib turuvchi sharbat insonga tetiklik baxsh etadi

TOShKENT, 28 fev – Sputnik. Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi Qilichmozor mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan Qutayba ibn Muslim ziyoratgohida obodonlashtirish ishlari boshlandi, deb xabar beradi auz.uz.

Aziz Abduhakimov: O‘zbekiston turizm sohasida ulkan imkoniyatlarga ega

"Obod qishloq" dasturi doirasida boshlangan bunyodkorlik ishlari oldidan o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ushbu maskan obodonlashtirilib, ziyoratchilar uchun sharoitlar yaratilishini bildirdi. Buning uchun davlat hisobidan 1milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

Bunyodkorlik ishlariga kirish oldidan Qur’on tilovat qilindi, qurbonlik so‘yilib, elga osh tortildi.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qutayba ibn Muslim yirik Islom fotihlaridan biri, harbiy sarkarda va tajribali lashkarboshi bo‘lgan. U 715-yilda yangi xalifa Sulaymonga bo‘ysunishdan bosh tortgani uchun qatl qilingan.

Aytishlaricha, Qutayba ibn Muslim mangu qo‘nim topgan ziyoratgohdagi qayrag‘och tanasidan tomib turuvchi sharbat insonga tetiklik baxsh etadi. Niyati va ixlosiga ko‘ra ko‘p xastaliklarga shifo sanaladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-fevral kuni xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish va ichki turizmni yanada rivojlantirish, sayyohlik xizmatlarini yaxshilash va turlarini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi. Prezident turizmning iqtisodiyotdagi o‘rnini alohida ta’kidlab, mamlakatda bu boradagi ahvol va sohani rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligini birma-bir tahlil qildi.

Joriy yil fevral oyining o‘zida ushbu sohaga doir 4 ta muhim hujjat qabul qilindi. Bu hujjatlar bilan sohada yig‘ilib qolgan muammolarni hal etish, turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi, ichki turizmni yanada rivojlantirishga ko‘plab imtiyozlar, yengilliklar berildi.

Yangiliklar lentasi
0