TOShKENT, 28 fev — Sputnik. O‘zbekiston fuqarosi Nuriddin Kirgizovga Moskva viloyatida keksa ayolni yong‘indan qutqarib qolgani uchun Umumrossiya ko‘ngilli o‘t o‘chiruvchilar jamiyatining "Knyaz Aleksandr Lvov" nomli medali, Moskva viloyati Pushkin tumani ma’muriyati nomidan faxriy yorliq hamda Pushkin tumani o‘t o‘chiruvchilar garnizoni rahbarining minnatdorlik xati topshirildi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston FVV matbuot xizmati.
Kirgizovga mukofotlarni Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbariyati, Pastdarg‘om tumani hokimiyati vakillari va shifokorlar topshirishdi.
2018 yilning 31-yanvar kuni Moskva viloyati, Pushkino tumani, Sofrino posolkasida joylashgan uylarning birida tunda kuchli yong‘in chiqadi. O‘sha qishloqda vaqtincha yashab ishlayotgan Samarqandlik Nuriddin Kirgizov ushbu yong‘inni ko‘rib yordamga shoshiladi. Yonayotgan uy ichida qolib ketgan keksa ayolni olib chiqish vaqtida uning o‘zi ham jiddiy jarohatlar oladi.
Ayni damda Nuriddin Kirgizov Samarqandda Respublika tez yordam ilmiy markazida davolanmoqda.