TOShKENT, 26 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-10 mart kunlari Tojikistonga tashrifini amalga oshiradi, deb xabar qildi mahalliy OAVlar.
Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon uchrashuvidan eng dolzarb voqea O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida viza rejimi bekor qilinishidir.
2017 yilning noyabrida O‘zbekiston va Tojikiston davlat chegaralari bilan bog‘liq ko‘plab masalalar bo‘yicha, xususan, viza rejimini bekor qilish bo‘yicha kelishib olingandi.
Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona shahrida 24-fevral kuni O‘zbekiston-Tojikiston hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tgandi.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston-Tojikiston Davlat chegarasinining ayrim uchastkalar bo‘ylab o‘tadigan chizig‘i loyihasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, qisqa muddat ichida Davlat chegarasini delimitatsiya qilish jarayonida sezilarli muvaffaqiyatga erishilgani qayd etildi.
Undan tashqari, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolanishi rejalashtirilayotgan ikki tomonlama hujjatlar, bitimlar va shartnomalarni tayyorlash hamda tadbirlarning tashkiliy jihatlari muhokama qilindi.
Hukumat a’zolari, vazirliklar, idoralar va yetakchi iqtisodiy tuzilmalar rahbarlari ishtirok etgan komissiyaga O‘zbekiston tomonidan bosh vazir A.Aripov, Tojikiston tomonidan esa Q.Rasulzoda rahbarlik qilishdi.