TOShKENT, 25 fev — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi O‘zbekiston-Turkiya maslahatlashuvlarida ishtirok etadi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda bildirilishicha, 26-fevral kuni Anqara shahrida O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev va Turkiyaning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Fazli Cho‘rman Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalalarini muhokama qiladilar.
Tomonlar shuningdek, 2018-yilning 26-27 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik" nomli xalqaro konferensiyaning kun tartibi yuzasidan fikr almashadilar.
O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘oniston poytaxtida "Kabul jarayoni" ikkinchi majlisida ham ishtirok etadi.