TOShKENT, 24 fev — Sputnik. Qozog‘istonda transport xizmati ko‘rsatadigan avtobuslarning har oltitadan biri texnik nosoz. Bu haqda "Avtobus" operativ-profilaktika tadbiri natijalariga asoslanib mamlakat ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Yerlan Turgumbayev ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Qozog‘istonda avtobus haydovchilari aybi bilan yiliga 500ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ladi, buning oqibatida 60ga yaqin kishi halok bo‘ladi va 800dan ortiq kishi jarohatlanadi.
Profilaktika tadbiri davomida politsiya xodimlari jamoat transporti haydovchilari tomonidan 19 mingdan ortiq qoida buzish holatlarini aniqladi.
"Nafaqat o‘zi, balki yo‘lovchilar hayoti uchun ham javobgar bo‘lgan haydovchilar 14 holatda mast holda transport boshqargani aniqlandi. Hattoki giyohvand modda iste’mol qilgan holda avtobus boshqarayotgan haydovchi qo‘lga olindi", — dedi vazir o‘rinbosari.
Uning bildirishicha, Aqto‘be viloyatida giyohvand modda iste’mol qilgan holda yo‘lovchi tashiyotgan avtobus haydovchisi ushlangan.
Tadbir natijasida tekshirilgan transport vositalarining har oltinchisi texnik nosozligi aniqlangan. Ayanchlisi, ularning yarmidan ko‘pi yo‘lga chiqish oldidan texnik nazoratdan o‘tkazilganligi qayd etilgan.
Aqto‘be viloyatida shu yilning yanvar oyida avtobus yonib ketib, ko‘plab fuqarolar halok bo‘lganidan so‘ng Qozog‘istonda avtobuslarni yoppasiga tekshiruvdan o‘tkazish boshlandi.