TOShKENT, 22 fev — Sputnik. O‘zbekistonga kelgan mehmonlar qulayligi uchun aeroport, vokzal va sayyohlar ko‘p bo‘ladigan joylarda maxsus sim kartalar sotuvga chiqariladi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi
Rouming xizmati muqobili sifatida ishlab chiqarilgan ushbu sim kartani faqat xorijiy fuqaro pasporti bilan xarid qilish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, kelajakda sayyohlarga telefon apparati va mobil router ijaraga berish xizmati ham yo‘lga qo‘yiladi.
Turistlar uchun maxsus tarif ishlab chiqqan birinchi uyali aloqa kompaniyasi bu Uzmobile bo‘ldi. Maxsus tarif 30 kunga mo‘ljallangan bo‘lib, uning tarkibiga so‘zlashish uchun daqiqalar va Internet traffiki mavjud. Shuningdek sim karta bilan birga, abonent nomeri yozilgan kichik brelok ham beriladi.