TOShKENT, 22 fev – Sputnik. Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Qo‘chqor-Ota shaharchasidagi kafelardan birida portlash oqibatida jabrlangan O‘zbekiston fuqarolari 22-fevral kuni O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda O‘zbekistonning FVV matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekiston FVV Favqulodda vaziyatlarda boshqaruv markazi tomonidan tezkor choralar ko‘rilib, qirg‘izistonlik hamkasblar bilan jabrlanganlarni shifokorlar nazoratida O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari hamda Farg‘ona, Namangan viloyat hokimliklari hamkorligida jabrlangan fuqarolarning shaxsini aniqlash, yaqin qarindoshlariga xabar yetkazish ishlari olib borildi.
Hozirda jabrlangan fuqarolar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Andijon va Namangan viloyat filiallariga joylashtirilgan va ular bilan zaruriy tibbiy muolajalar o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Jalolobod viloyati IIB ma’lumotlariga ko‘ra, 20-fevral kuni Qo‘chqor-Ota shaharchasidagi "Aziya" kafesida gaz o‘chog‘idan gaz sizishi oqibatida portlash sodir bo‘ldi. Voqea ro‘y bergan paytda xonada 4 kishi bo‘lgan va ularning yuqori tana qismlari kuygan.
Jabrlanganlardan uch nafari Namangan shahri va yana biri Qirg‘izistonning To‘xtagul tumani istiqomatchilari bo‘lgan.