TOShKENT, 18 fev – Sputnik. O‘zbekston hukumatining 17-fevraldagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida berilgan rasmiy hujjatlarga maxsus tamg‘a – Apostil (Apostille) tamg‘asi bosish 10 baravarga kamaytirildi, deb xabar qilmoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.
“To‘lov miqdori 172 240 so‘mdan 17 224 so‘mga tushirildi”, — deyilgan xabarda.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, har yili 30 mingga yaqin fuqarolar O‘zbekiston muassasalari tomonidan berilgan rasmiy hujjatlarni xorijdagi idoralarga topshirishar ekan. Ushbu hujjatlar xorijda tan olinishi uchun ularga maxsus tamg‘a — Apostille qo‘yilishi kerak.
Oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonda apostil tamg‘asi narxi qimmatligi haqida fuqarolardan ko‘plab norozilik xatlari olingan. Shu sababdan Adliya vazirligi ushbu to‘lov miqdorini kamaytirish borasida taklif ishlab chiqilib, uni Hukumat muhokamasiga chiqargan edi.
Hukumatda ushbu taklif qo‘llab-quvvatlanib apostil xizmati arzonlashtirildi.
Bugungi kunda, O‘zbekistonda apostil tamg‘asi qo‘yish huquqiga ega bo‘lgan 4ta tashkilot bor:
Adliya vazirligi – sudlar, adliya organlari va muassasalaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar bo‘yicha;
Bosh prokuraturasi – prokuratura, tergov, surishtiruv va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar bo‘yicha;
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi – ta’lim va fan sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar bo‘yicha;
Tashqi ishlar vazirligi – boshqa har qanday rasmiy hujjatlar bo‘yicha.