TOShKENT, 18 fev – Sputnik. O‘zbekistonda notarial boj stavkalari va ularni hisoblash tartibi qayta ko‘rib chiqildi, deb xabar qilmoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 15-fevraldagi 123-son qaroriga binoan davlat boji miqdorlarini hisoblash tizimi yanada soddalashtirilib, aholi uchun yengilliklar yaratildi.
Xususan, quyidagi notarial harakatlar uchun stavkalar kamaytirildi:
avtomashinani boshqarish yoki sotish huquqi bilan ishonchnomalarni yaqin qarindoshlarga berganlik uchun eng kam oylik ish haqining 0,5 baravari, begona shaxslarga berganlik uchun esa eng kam oylik ish haqining 3 baravari miqdorida davlat boji undirilishi belgilandi. Bunda davlat boji miqdori 1,7 baravarga arzonlashdi;
avtomashinalarni oldi-sotdi, hadya va ayirboshlash shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji avtomashinaning chet elda yoki mamlakatimizda ishlab chiqarilganligidan qat’iy nazar, bir xil belgilandi va uning miqdori o‘rtacha 2-5 marotabaga arzonlashdi;
uy-joylarni oldi-sotdi, hadya va ayirboshlash shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji ular joylashgan aholi hududiga qarab belgilandi. Bunda, viloyatlarning chekka tuman va shaharlaridagi uy-joylar uchun davlat boji 2 baravar arzonlashdi;
aliment to‘lash to‘g‘risidagi kelishuvlar, garov, ipoteka, lizing, kafillik, tekin foydalanish va qarz shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun davlat boji aniq va tushunarli miqdorlarda belgilandi.
Mazkur qaror loyihasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan.