TOShKENT, 14 fev – Sputnik. Xalq qabulxonalarida ochilgan “yagona darcha” markazlarida yaqin orada 10dan ortiq yangi xizmat turlari paydo bo‘ladi, deb xabar qilmoqda, Podrobno.uz nashri.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabariga ko‘ra, 2018-yilning 1-aprelidan boshlab “yagona darcha” markazlarida mavjud bo‘lgan xizmatlar qatoriga yuridik va jismoniy shaxslar uchun yana 14ta yangi xizmat turlari qo‘shiladi.
Yangi xizmatlar quyidagilar bo‘ladi:
- yuridik va jismoniy shaxslarni gaz, issiqlik ta’minoti, suv va kanalizatsiya tarmoqlariga ulash;
- binolar tashqi ko‘rinishini o‘zgartirish, ta’mirlashga ruxsatnoma olish;
- obyektlar faoliyat turini o‘zgartirish va ularni qayta ta’mirlash uchun ruxsatnoma;
- me’morchilik-reja topshirig‘i ishlab chiqarish;
- loyiha hisob-kitob hujjatlarini muvofiqlashtirish;
- qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga ruxsatnoma berish;
- qurilishi, ta’mirlanishi bitgan binolarni qabul qilib olish;
- o‘rmon fondiga kirmagan daraxtlarni kesishga ruxsatnoma berish;
- suv ta’minoti obyektlaridan maxsus foydalanishga ruxsat berish;
- o‘simlik dunyosi obyektlaridan maxsus foydalanishga ruxsat berish va boshqalar.
Eslatib o‘tamiz, xalq qabulxonalari huzurida tashkil qilingan Davlat xizmatlari markazlari 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab ishga tushirilgan edi. Ushbu markazlarning asosiy ishlash tamoyili — “fuqarolar emas, hujjatlarni harakatlantirishdir”. Bir necha yil ichida ushbu markazlar orqali 60dan ortiq xizmatlar ko‘rsatish rejalashtirilgan.