TOShKENT, 10 fev — Sputnik. Internetda o‘zbek xonandasi "52 Vatandosh hotirasiga" deb nomlanuvchi klipi tarqaldi, deb yozadi Sputnik Qozog‘iston.
Qo‘shiq 18-yanvar kuni Qozog‘istonda yuz bergan fojia qurbonlariga bag‘ishlangan. Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Irgiz tumanida Samara — Chimkent trassasida ichida 57 nafar kishi bo‘lgan avtobus yonib ketgandi. Hodisa oqibatida 52 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan, uch qozog‘istonlik va ikki o‘zbekistonlik omon qolgandi.
Avtobusning uch nafar haydovchisi, Janubiy Qozog‘istonda yashovchi shaxslar halokatdan so‘ng ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha gumondor sifatida hibsga olingan.
Qurbon bo‘lganlarning jasadlari O‘zbekistonga olib kelindi va dafn etildi. Fojiadan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev avtobusdagi yong‘in sabablarini o‘rganish bo‘yicha maxsus hukumat komissiyasini tashkil etish topshirig‘ini berdi. Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi komissiyaga TIV, IIV, FVV, SSV va boshqa idoralar vakillari kiritildi.