TOShKENT, 7 fev — Sputnik. Sirg‘ali tumanidagi 18-maktabgacha ta’lim muassasasida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etishning yangi tartibi bo‘yicha ilk tajribasi boshlandi, deb xabar qildi maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati.
Tadbirda Maktabgacha ta’lim vazirligi rahbariyati, Toshkent shahar maktabgacha ta’limi bosh boshqarmasi, O‘zbekiston Oshpazlar Uyushmasi va yana bir qator maktabgacha ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etishdi.
Sirg‘ali tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi hamda MChJ "AZIYA BEST DISTRIBUTION" korxonasi bilan tayyor taomlarni yetkazib berish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma imzolanib, bog‘cha oshxonasi ularga foydalanishga topshirildi.
Tajriba jarayonida ushbu korxona tomonidan maktabgacha ta’lim muassasi oshxonasida tayyorlangan taomlar tarbiyalanuvchilarga yetkazildi.
Tajriba —sinov tariqasida o‘tkazilgan tadbirda oshpazlarning tashqi qiyofasidan tortib, taomnoma bo‘yicha tayyorlanayotgan taomlar texnologiyasi va sifati yig‘ilganlar e’tiborini tortdi.
Sirg‘ali tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mutassadilarining fikriga ko‘ra, aynan shu korxona bilan yana beshta bog‘chaga tayyor taomlarni yetkazib berish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan.
Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan tajriba natijalari tahlil qilinib, Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritiladi. Toshkent shahar maktabgacha ta’limi bosh boshqarmasi uning tuman bo‘limlari tomonidan bu borada barcha kuchlar safarbar etilgan. Faqatgina Toshkent shahar va unga qarashli tuman hokimiyati mutassadilari bu masalaga jiddiy e’tibori qaratsalar tajriba o‘z samarasini beradi va uning ommalashishi tezlashadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining 2017-yil 9-sentabrdagi "Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra Toshkent shahrida joylashgan davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga tadbirkorlik subyektlari bilan sifat talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlarni yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish ishlarini tajriba tarzida amalga oshirish belgilangan edi.
Shuningdek, 2017-yil 19-dekabrida prezident Sh.Mirziyeyev tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bog‘chalarda bolalarni sog‘lom ovqatlantirish va ularga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlangan.