TOShKENT, 6 fev — Sputnik. O‘zbekiston innovatsion rivojlanish strategiyasini ishlab chiqishga Amerikaning Boston Consulting kompaniyasini jalb etishni ko‘zlamoqda, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.
Amerikalik ekspertlar zamonaviy raqobat sharoitlarida hududlar va sanoat sohalarini izchil rivojlantirishga yangicha yondashuvlarni taklif etuvchi innovatsion rivojlanish Milliy strategiyasini ishlab chiqishga yordam berishlari rejalashtirilmoqda.
"Biz Amerika tomoni bilan umumiy texnik vazifalarni kelishib oldik. Joriy yilning aprelida strategiya tayyor bo‘lishi lozim. Unga iqtisodiyot real sektori, qurilish sanoati, yoqilg‘i-energetika kompleksi va transport infrastrukturasi sohalarini innovatsion rivojlantirish bo‘yicha vazifalar kiritiladi. Shuningdek, unda har bir hududni, xususan, hududdagi ustuvor sohalarni rivojlantirish muhimligi ham ko‘zda tutiladi", — dedi Sputnik muxbiriga Innovatsion rivojlanish vazirligidagi manba.
Boston Consulting shuningdek, respublikadagi bugungi holat va rivojlanish darajasini ham o‘rganadi.
"Masalan, bugungi kunda iqtisodiyot va aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashdagi real ko‘rsatkichlarni aniqlash juda muhim. Sanoat jadal rivojlanganida elektrga bo‘lgan talab bir necha martaga oshadi, shu bois talab qanday bo‘lishini rejalashtirishimiz, oldindan kerakli quvvatlarni tayyorlashimiz darkor bo‘ladi. Har bir soha bo‘yicha shunday ish olib boriladi", — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, Innovatsion rivojlanish vazirligi o‘tgan yilning noyabrida ilg‘or xorijiy tajriba, jahon fanining zamonaviy yutuqlari, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal innovatsion rivojlantirishni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan edi.