TOShKENT, 6 fev – Sputnik. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi bo‘linmalari islohotlari jarayonida ular tomonidan xorijiy hamkasblarning ilg‘or tajribasini o‘rganishga, shuningdek birinchi o‘rinda qo‘shni davlatlar bilan yaqin aloqani yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratiladi, dedi respublika IIV Xalqaro hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Sh. Giyasov.
"Bu yil uchun maqsad va rejalarimiz bisyor. Bu, birinchidan, qo‘shnilarimiz bilan hamkorlikni rivojlantirish. Bilasizmi, jinoiy qidiruv xodimlarida bir shior bor: "jinoyatchilikning millati va chegarasi yo‘q". Shuni hisobga olgan holda, bugungi kunda bizda Rossiya, Qozog‘iston va Tojikistondagi hamkasblarimiz bilan idoraviy Muvofiqlashtiruvchi guruhlar tashkil etilgan", — dedi Giyasov intervyusida.
Masalan, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida sodir etilgan og‘ir va vahshiyona jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxs aynan mana shu idoraviy guruhning ishi natijasida tezkorlik bilan qo‘lga olindi.
Giyasovning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda Qirg‘iziston, Turkmaniston, Belorussiya, Ozarbayjon va kelajakda Afg‘oniston, Pokiston va Turkiya kabi davlatlar bilan shu kabi guruhlarni tuzish masalalari o‘rganilmoqda.
"Biz politsiya faoliyatini va huquq-tartibot tizimida joriy etilgan yangiliklarni kompleks tarzda o‘rganish maqsadida Koreya, Yaponiya, Isroil kabi bir qator davlatlarga mutaxassislarimizdan tashkil topgan delegatsiyalarni jo‘natishni rejalashtirganmiz", — dedi boshqarma boshlig‘i.
Vazirlik shuningdek, xorij politsiyasi va o‘quv yurtlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish ustida ish olib bormoqda. Ayni damda Akademiya va Yong‘in xavfsizligi instituti hamda Rossiya, Qozog‘iston va Xitoy davlatlarining bir qator politsiya oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida tuzilgan kelishuvlar mavjud.
"Biz joriy yilda Ozarbayjon, Belorussiya, Koreya, Xitoy, Yaponiya oliy o‘quv yurtlari, shuningdek kelajakda Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniyaning politsiya o‘quv yurtlari bilan shu kabi kelishuvlarni ishlab chiqish va imzolashni rejalashtirganmiz", — dedi Giyasov.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil apreldagi "Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi" qaroriga muvofiq IIV Tashkiliy-inspektorlik boshqarmasining Xalqaro hamkorlik bo‘limi hamda Inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta’minlash boshqarmasining Inson huquqlarini himoya qilish va ushbu sohada xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik bo‘limi negizida Xalqaro hamkorlik boshqarmasi tashkil etilgandi.