TOShKENT, 5 fev — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev yana xalqaro vaziyatga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan mashhur insonlar ro‘yxatidan joy oldi, deb xabar qildi "Jahon" AA.
Ro‘yxat to‘plovchilari taqdim etgan ma’lumotlarda qayd etilishicha, O‘zbekiston yetakchisi mamlakat prezidenti etib saylanganidan so‘ng "sifat jihatdan yangi muhit va nekbinlik boshlangani va buni ko‘pchilik kutmagani" munosabati bilan e’tibor qozongan.
Reyting ma’lumotlarida, jumladan, quyidagi fikrlar ham qayd etilgan: "Bugun O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida "alohida bahor"ni kechirmoqda. U o‘z faoliyatining birinchi kuni davomidayoq barcha prognoz va qoliplarni sindirgani holda mamlakatni ochiqlik sari yetaklash jarayonining tashabbuskori bo‘ldi. Bu jarayonni o‘zbek xalqi allaqachon jiddiy his etmoqda. O‘nlab siyosiy mahbuslar ozod qilindi, qariyb uch ming kishi avf etildi, minglab odamlar maxsus xizmatlarning "qora ro‘yxati"dan o‘chirildi, matbuot ilgari ta’qiqlangan mavzularni ko‘tarib chiqa boshladi. Bunday chora-tadbirlar qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha diplomatik tashabbuslar bilan birgalikda mamlakat ichkarisida va uning tashqarisida ham ko‘pchilik kutmagan nekbinlikni uyg‘otgani holda O‘zbekistonda yangi muhitni yaratdi".
Eslatib o‘tamiz, Mirziyoyev 2016-yil yakunlari bo‘yicha ham Barselona xalqaro munosabatlar markazi (CIDOB) ro‘yxatidan joy olgan edi.
O‘shandayoq Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi O‘zbekiston tashqi siyosatida yangi tamoyillarni kutish mumkinligi qayd etilgan edi.