TOShKENT, 5 fev – Sputnik. Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Qamchiq” Maxsus qidiruv-qutqaruv boshqarmasiga yangi zamonaviy “TREKOL” yo‘ltanlamas transport vositasi keltirildi, deb xabar qilmoqda FVV matbuot xizmati.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, Rossiyada ishlab chiqarilgan "TREKOL" o‘ta yuqori o‘tuvchanlik qobiliyatiga ega bo‘lgan zamonaviy yo‘ltanlamas transport vositasidir.
Yo‘ltanlamas-amfibiya "TREKOL" – yengillashtirilgan va sovuq o‘tkazmaydigan oyna-plastik qoplamali kuzovga ega. Avtomobil ichida haydovchi va yo‘lovchi uchun ikkita o‘rindiq joylashgan.
Yo‘ltanlamas — 6x6 g‘ildirak formulasiga ega, ya’ni barcha olti g‘ildiragi ham tortadigan. Undan tashqari avtomobil kamerasiz past bosimli shinalar bilan jihozlangan bo‘lib, yo‘lning xususiyatiga qarab havo bosimini boshqarib borish xususiyatiga ega. Yuk ortish qismida 8 kishi yoki 700 kilogram yuk uchun joy ajratilgan. Yuk ko‘tarish qobiliyati – 700 kg, suvli botqoqli va qorda – 400 kg. Maksimal tezligi – 70 km/s.
Ayni paytda maxsus transport vositasi “Qamchiq” dovoni yo‘lida sinovdan o‘tkazilmoqda. Kelajakda ushbu rusumdagi ikkinchi yo‘ltanlamas transport vositasini xarid qilinishi rejalashtirilgan.