TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev imzolagan Farmonga muvofiq endilikda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti 30 yoshdan oshmagan qizlarga ham beriladi.
"Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafar talabgorlarga beriladi", — deyiladi hujjatda.
Shuningdek, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari bo‘lgan o‘quvchilari bakalavriatga, bakalavriat talabalari esa oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga tegishli yo‘nalish va ixtisoslik bo‘yicha kirish sinovlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan, a’lo xulqi, oliyjanob insoniy fazilatlari, zukkoligi, donoligi, tashabbuskorligi, o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, yorqin iste’dodini namoyish qilishi bilan birga istiqlol g‘oyalarini amalga oshirish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan iqtidorli qizlarga adabiyot, san’at, madaniyat, fan va ta’lim sohalarida erishgan katta yutuqlari uchun beriladi.