TOShKENT, 3 fev — Sputnik. "O‘rikzor" bozori sotuvga qo‘yilmagan, deb aniqlik kiritdi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Ilgariroq Toshkent shahridagi "O‘rikzor" bozori sotuvga qo‘yilgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zA muxbiri masalaga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan.
Boshqarma bosh mutaxassisi Bahodir Yusufjonovning aniqlik kiritishicha, Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan 36 ta davlat aktivi savdoga qo‘yilgan. Ular orasida "O‘rikzor savdo kompleksi" mas’uliyati cheklangan jamiyati balansidagi ikkita mulk kompleksi ham bor.
Ikki kompleks ham Uchtepa tumanida joylashgan bo‘lib, biri savdo, ikkinchisi xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mulk kompleksi hisoblanadi. Ular O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 23-iyundagi 507-farmoyishiga binoan savdoga qo‘yilgan.
Boshqarma bosh mutaxassisining ma’lumotlari shundan dalolat beradiki, savdoga qo‘yilgan davlat aktivlari haqidagi e’lonning ayrim ommaviy axborot vositalari tomonidan noto‘g‘ri talqin etilishi hamda yuzaki yondashilishi natijasida "O‘rikzor" bozorining sotilishi haqidagi xabarlar tarqab ketgan.