TOSHKENT, 2 fev — Sputnik. Tergov va jinoyat qidiruv xizmati xodimlari tomonidan hamkorlikda olib borilgan tezkor tekshiruvlar va tergov harakatlari natijasida fosh etilmagan jinoyatlar avvalgi yillarga nisbatan 2223 taga kamayishiga erishildi, deb xabar qildi IIV huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati.
Departament va uning quyi tizimlari tomonidan oʻtgan yili avvalgi yillardan fosh etilmasdan toʻxtatilgan jinoyat ishlarning 1526 tasi fosh etilib, ular boʻyicha jinoyat ishlari tiklanib, tergov natijasiga koʻra tegishli sudlarga yuborildi.
2017 yil davomida jami 2707 nafar qidiruvdagi ayblanuvchilar ushlanib, ularga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari sud idoralariga yuborildi.
7225 ta jinoyat ishlari boʻyicha gumon qilinuvchi va jabrlanuvchilar tergov davomida yarashtirilib, jinoyat ishi yarashuv asosida sudga yuborildi.
Tergov organlarining saʼy-harakatlari bilan fuqarolar va davlatga yetkazilgan 330,7 mlrd. soʻmdan ziyod moddiy zarar undirildi.
Avvalgi yillardan toʻxtatilgan jinoyat ishlardan jinoiy javobgarlikka tortish muddati oʻtganligi va boshqa sabablar bilan jami 11986 ta jinoyat ishlari tugatildi.
Oʻtgan yil davomida jami 19672 ta jinoyat ishlari boʻyicha surishtiruv va tergov harakatlari ishlari olib borildi. Jabrlanuvchilarning poymol etilgan huquqlari tiklanib, jinoyat ishlari tegishli sud idoralariga yuborildi.
Maʼlum qilinishicha, Tergov departamenti va uning quyi tizimlariga yil davomida 29733 ta murojaat kelib tushgan.