TOShKENT, 28 yanv – Sputnik. O‘zbekiston va Nepal orasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.
2018-yilning 26-yanvar kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Nepal Federativ Demokratik Respublikasi o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma bayonnomani imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni O‘zbekiston va Nepalning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakillari imzoladilar.
«O‘zbekiston Respublikasi va Nepal, ikki davlat o‘rtasida o‘zaro tushunish, do‘stlik va hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash niyatida, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi tamoyillari va maqsadlari hamda xalqaro huquqqa rioya etgan holda, 1961-yil 18-apreldagi diplomatik aloqalar to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi va 1963-yil 24-apreldagi Konsullik aloqalari to‘g‘risidagi Vena konvensiyasi bandlariga muvofiq diplomatik munosabatlar o‘rnatishga qaror qildi», — deyilgan imzolangan hujjatda.
Nepal O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan 134-davlat bo‘ldi.
Nepal Respublikasi — Hindiston va Xitoy orasida tog‘li hududda joylashgan. Nepal aholisi 30,5 mln kishidan iborat. Poytaxti – Katmandu. Nepal dunyodagi eng tog‘li mamlakat hisoblanadi, mamlakatning 40% idan ortiq hududi dengiz stahidan 3000 metr balandlikda joylashgan. Undan tashqari Nepal shimolida Himolay tog‘lari va dunyoning eng baland cho‘qqisi – Everest (8848m) joylashgan.