TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. Jizzax viloyati Zafarobod tumanida bunyod etilayotgan neftni qayta ishlash majmuasida yiliga 5 million tonna neft qayta ishlanib, "Yevro-5" standartidagi yuqori sifatli motor va aviatsiya yonilg‘isi, benzol, mazut, bitum va boshqa bir necha turdagi mahsulotlar olinadi, deb xabar qilmoqda Hukumat portali.
O‘zbekiston ichki yonilg‘i bozori uchun o‘ta muhim bo‘lgan ushbu zavod qurilishi «Jizzakh Petroleum» qo‘shma korxonasi hamda bosh pudratchi — «Enter Engineering Ltd» kompaniyasi va uning sheriklari bilan birgalikda olib borilmoqda.
Yangi majmuaga Rossiya va Qozog‘iston konlaridan qazib olinayotgan xomashyo neft quvuri orqali yetkazib beriladi. O‘tgan Yili O‘zbekiston, Rossiya va Qozog‘iston kompaniyalari ushbu borada kelishuvga erishgan edi.
Ma’lumki, Omsk — Pavlodar — Chimkent neft quvuri tarmoqlaridan biri Jizzax viloyatiga yaqin hududdan o‘tgan. Shu yerdan yangi majmuagacha uzunligi 100 kilometrlik quvur yotqiziladi. Loyiha doirasida qozog‘istonlik sheriklar uzunligi 168 kilometrlik neft quvurini rekonstruksiya qilib, nasos stansiyalari va texnik inshootlar qurib beradi.
Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, korxona sanoat usulida ishga tushirilgandan so‘ng bu yerda 2 mingta ish o‘rni yaratiladi.