TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. Xalqaro migratsiya tashkiloti O‘zbekiston tomonga birgalikda moliyalashtirish asosida hamkorlikdagi loyihani amalga oshirish masalasini taklif etdi, deb xabar qildi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot-xizmati.
Suhbat jarayonida O‘zbekistonning XMT bilan hamkorligining joriy holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
"Profazi O‘zbekiston tomoniga O‘zbekiston fuqarolarining Qozog‘iston Respublikasi hududida fojiaviy vafoti munosabati bilan o‘zining chuqur ta’ziyasini bildirdi. XMT vakili, shuningdek, mazkur tashkilot O‘zbekiston tomoni bilan aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishga tayyor ekanini tasdiqladi. Tomonlar, shuningdek, O‘zbekistonning XMTga a’zo bo‘lishi hamda ikkitomonlama hamkorlikni kelgusida yanada rivojlantirish yo‘llarini muhokama qildilar", — deyiladi xabarda.
O‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarida chet ellarga chiqayotgan mehnat migrantlarining xabardorligini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi. Ushbu asnoda fuqarolarning xabardorlik darajasini oshirishga mo‘ljallangan hamkorlikdagi ma’lumotlarni ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi e’tirof etildi.
Ikki tomonlama hamkorlikning muhim va istiqbolli yo‘nalishlari orasida odam savdosi jabrdiydalarini reabilitatsiya qilish va ularning bandligini ta’minlash masalalari qayd etib o‘tildi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston tomoniga birgalikda moliyalashtirish asosida hamkorlikdagi loyihani amalga oshirish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.
Ta’kidlanishicha, uchrashuv doirasida mehmonlarga migratsiya va rekruting faoliyati to‘g‘risidagi qonunlar ishlab chiqilayotgani va XMTning ekspertlar va texnik darajada ushbu jarayonga ishtirokining maqsadga muvofiqligi aytib o‘tilgan va O‘zbekistonning Markaziy Osiyo darajasida hamda Yevropa davlatlari ishtirokida ham XMTning dasturlarida ishtirok etishga tayyor ekanligi bildirilgan.