TOShKENT, 24 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti tomonidan tasdiqlangan 2018-yilgi Davlat dasturida "Oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini 2018-2019 o‘quv yilida 2017-2018 o‘quv yiliga nisbatan kamida 20 foizga oshirish" belgilangan.
Ushbu loyihaga Davlat budjeti mablag‘lari va to‘lov-shartnoma mablag‘laridan 39,0 mlrd. so‘m sarflash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, dasturda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarining maksimal darajada shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, test natijalarini tezkor e’lon qilishning zamonaviy mexanizmlari amalda ijro etilishini ta’minlash belgilangan.
Buning uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarini bir necha kun davomida o‘tkazish; test sinovi natijalarini test o‘tkazilgan kunning ertasiga e’lon qilish; jamoatchilik, jumladan abituriyentlar ota-onalarining kirish test sinovlarini onlayn rejimida kuzatib borish imkoniyatini yaratishga oid tadbirlar nazarda tutilgan.